![]() |
![]() |
![]() |
Vatan ichra vatan
Asriy orzular ro'yobi
26.08.2011 15:05
Mustaqillik yillarida bosib o'tilgan tarixiy yo'lning zalvori, erishilgan yutuqlarimiz amalga oshirilgan izchil islohotlar, bunyodkorlik va yangilanishlarda o'z ifodasini topmoqda. Qolaversa, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri o'zgardi. Tariximiz tiklandi. Azaliy, boqiy qadriyatlarimiz yana qadr topa boshladi. Odamlar sobiq tuzumdagi boqimandalik kayfiyatidan xalos bo'ldi. Bu shak-shubhasiz Istiqlolning mevasidir! Har kuni Vatanimiz bo'ylab sayohat qilayotgan xorijliklar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz singari qadimiy va hamisha navqiron shaharlarimizning ko'rku tarovatidan bahra olayotirlar. Ha, O'zbekistonni ko'rmaganlar uni bir ko'rish orzusida. Men esa qadim yurtimiz bilan munosib ravishda faxrlanaman! O'zimning faoliyatimga bog'liq bitta misol orqali fikrimni ifodalamoqchiman. Mahalla instituti azaldan xalqimiz hayotida muhim rol o'ynagan. Keyingi o'n besh-yigirma yil ichida davlatimiz, shaxsan Prezidentimiz rahnamoligida mazkur tizimda amalga oshirilgan islohotlar tufayli mahallaning nufuzi yanada ortdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan «O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoniga muvofiq mahallalarda diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi. Bu yangilik joylarda ma`naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, oilalar mustahkamligini ta`minlash, ayniqsa, o'sib kelayotgan avlod ma`naviy olamini boyitishda muhim ahamiyatga ega bo'lmoqda. Men Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Ismoil Shoshiy nomidagi mahalla fuqarolar yig'ini raisining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchisi etib saylandim. Ishim asosan xotin-qizlar va yoshlar orasida kechadi. Bu yumushlar zamirida yurt osoyishtaligi, xotin-qizlar farovonligi va o'g'il-qizlarimizni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdek mas`uliyatli vazifalarni ko'raman, ularning ertangi yanada yorug' kuni, to'kis hayotini o'ylab g'ayratim jo'shib ketaveradi. Vatanini, mahallasini chin yurakdan sevgan kishi uning rivoji va istiqboli uchun borlig'ini baxshida etishga tayyor bo'ladi. Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida mahallamiz hududida ko'cha va xiyobonlarda dov-daraxtlarni oqlab, ariqlarni tozalayapmiz. Bunda mahallamiz faollariga tayangan holda hamjihatlikda faoliyat yuritayotganimiz ayniqsa qo'l kelayotir. Asriy orzularimiz ro'yobi - Istiqlolning qutlug' sanasini mahallamizda ham katta shodiyona bilan kutib olish taraddudidamiz. Maktuba RIZAYEVA, Toshkent shahar Ismoil Shoshiy nomidagi mahalla fuqarolar yig'ini raisining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchisi
94 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|