Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Ezgu niyat ro'yobi
02.02.2012 22:09

Munira aya nabirali bo'lgach, beshik anjomlari sotib olish uchun tikuvchining uyiga boradi:

- Nabiramga siz tikkan anjomlar bilan yasatilgan beshik olib borishni niyat qilgan edim, - deydi u hol-ahvol so'rashgach. - Bozorga borib yurmadim...

- Kelib yaxshi qilibsiz, egachi, lekin men tikkan anjomlar sizga qimmatlik qilmasmikin-a, - deydi mezbon odmigina kiyingan mehmonga zimdan nazar tashlar ekan...

Xullas, savdo pishmadi: sotuvchi mijoz aytgan narxga ko'nmadi, xaridorning esa tikuvchi aytgan narxda oladigan mablag'i yo'q edi. Bu holat nabira ko'rgan ayolni mulohazaga chorladi: «O'sha anjomlarni ham menga o'xshagan ayol tikkan-ku. Uning mendan ortiqcha joyi yo'q, men ham tiksam bo'lmaydimi, undan nimam kam? Men ham qilaman bu ishni!»

To'g'ri, boshida ayaga oson bo'lmadi. Ya`ni, dastlabki urinishlar besamar ketdi. Ammo qayta-qayta tikish-bichishdan charchamadi u. Vaqt o'tib yaxshigina tikuvchiga aylandi. Shundagina igna kiraverib zada bo'lgan barmoqlaridan og'riq ariganday bo'ldi.

Mana, bu gapga ham yigirma yildan ziyod vaqt o'tdi. Endilikda Munira aya ham shahardagi dongdor hunarmandlardan. Farzandli bo'lganlar niyat qilib beshik yasatish uchun anjomlar olib ketishadi bu ayoldan.

Munira aya boshchiligida oilaviy tadbirkorlar ko'rpa, ko'rpacha, yostiq, yelpig'ich, choynak qapqog'i singari uy-ro'zg'or jihozlari tayyorlashadi. Sulaymonovlar oilasini poytaxtimizda yaxshi bilishadi. Marhum Rixsivoy ota bilan Munira aya to'rt o'g'il, to'rt qizni voyaga yetkazib, elga qo'shishdi. Ilmli, kasb-hunarli, mo'min-qobil farzandlar etib tarbiyalashdi. Endilikda borgan sari taraqqiy etib, muntazamlik kasb etayotgan bunday faoliyat zamirida ezgu maqsadlar mujassam.

- O'nlab shogirdim bor, - deydi Munira Sulaymonova. - Ularning safini yanada kengaytirish niyatidaman. Yozga chiqib chog'roqqina sex ochib, o'n-o'n besh nafar xotin-qizni ish bilan ta`minlamoqchiman. Bunda qizlarim va kelinlarim, qolaversa, mahalladoshlarim ko'magiga tayanaman.

Munira aya jamoatchilik ishlarida ham jonbozlik ko'rsatishdan charchamaydi. Chunonchi, u poytaxtimizning Sirg'ali tumanidagi «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig'ini raisining maslahatchisi.

- Mahalladagi faoliyatim davomida ham milliy hunarmandchilikning tikuvchilik yo'nalishiga qiziqayotgan xotin-qizlarga o'z tavsiyalarimni berib boraman, - deydi Munira Sulaymonova. - Bilganlarimni boshqalarga o'rgatishim ham qarz, ham farz.

Poytaxtimizning «O'zgarish» mahallasida istiqomat qilayotgan Subhonovlar oilasi ham ko'pchilikda havas uyg'otadi. Ilyos Subhonov taniqli rassom, tasviriy san`atning bir necha yo'nalishida muvaffaqiyatga erishgan. U kishining turmush o'rtog'i Bashorat opa esa zardo'zlikning hadisini olgan. Kelin-kuyov liboslaridan tortib, xotin-qizlar hamda bolalar keyim-kechaklarigacha tikadi. Ko'plab shogirdlari hozirgi kunga kelib mustaqil ravishda faoliyat yuritayotir.

- Bir o'g'il, bir qizimiz bor, - deydi Bashorat Subhonova. - Eng muhimi, farzandlarimizning ham tasviriy san`atga, milliy hunarmandchiligimizga bo'lgan mehri ortib, hozirgi kunda ikkalasi ham mustaqil faoliyat yuritayapti. Ikkisi ham O'zbekis­ton davlat san`at institutining «Mahobatli rang-tasvir» mutaxassisligi bo'yicha saboq olgan.

Darhaqiqat, farzandlar muvaffaqiyatidan ota-ona mamnun. Javohir ham, Kamola ham Hindistonda o'tkazilgan Shankar nomidagi xalqaro ko'rgazmada o'z asarlari bilan ishtirok etib, e`tirofga sazovor bo'lgan. Ayni paytda Subhonovlar oilasining Fransiya, Avstriya, Bangladesh, Shveysariya singari 50 ga yaqin xorijiy davlatda asarlari ko'rgazmasi o'tkazilgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2012 yil yurtimizda «Mustahkam oila yili» deb nomlanishi olijanob siyosatning bardavomligini ifoda etadi. Darhaqiqat, oila mustahkam bo'lsa - jamiyat mustahkam, mamlakat barqaror bo'ladi. Shuning uchun mustahkam oila tushunchasi buyuk va boqiy g'oyaga aylanmog'i kerak. Bugun oilaviy tadbirkorlik oilalar mustahkamligiga, farovonligiga xizmat qilayotgani ayni muddao bo'lmoqda.

Ilhom KAROMOV,

«Jamiyat» muxbiri

26 marta o`qilgan