Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Faollik va tashabbuskorlik: fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovlarida asosiy mezon bo'ldi
15.07.2011 13:06

Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi  arafasida o'tkazilgan fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovlari jarayonida xalqimiz dilidagi insoniylik tuyg'ulari yana bir bor yaqqol namoyon bo'ldi. Bu esa, o'z navbatida, mahalla institutining yanada chuqur ildiz otishi va mustahkamlanishining garoviga aylanishida muhim ahamiyat­ kasb etmoqda.

Aytish joizki, elda tinchlik, osoyishtalik, bahamjihatlik muhitini yaratish, insoniy tuyg'ularning keng quloch yozishini ta`minlash, shahar va qishloqlarimizni  ko'kalamzorlashtirish, toza ekologik muhitni saqlash bilan bog'liq tadbirlarni amalga oshirishda mahalliy o'zini o'zi boshqarish organlarining o'rni va roli beqiyos bo'lib bormoqda. Eng muhimi, odamlar fuqarolar yig'inlari ishiga befarq emas va bu holat yil-yildan o'zgacha manzara kasb etmoqda. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qaroriga muvofiq shu yil may-iyun oylarida fuqarolar yig'ini, raisi va maslahatchilarini saylash yuzasidan o'tkazilgan ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda ushbu omil yarq etib ko'zga tashlandi. Jumladan, mamlakatimizning boshqa hududlarida bo'lgani kabi Xorazm viloyatida ham fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi aholining faol ishtirokida o'tkazildi. Natijada islohotlar mohiyatini teran anglagan, eng muhimi, ushbu jarayonlarda faol qatnasha oladigan 654 nafar rais, 6 mingga yaqin masalahatchi saylandi.  Aytish joizki, bugungi kunda yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mahallalarning tutgan o'rni tobora ortib bormoqda. Elda tinchlik, osoyishtalik, bahamjihatlik muhitini yaratish, insoniy tuyg'ularning keng quloch yozishini ta`minlash, fuqarolarning o'z salohiyatlarini ro'yobga chiqarishi, ularning faolligi, huquqiy madaniyatini oshirish, shahar va qishloqlarimizni  ko'kalamzorlashtirish singari tadbirlarni amalga oshirishda mahalliy o'zini o'zi boshqarish organlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotir. Ta`kidlash o'rinliki, Xorazm viloyatida ushbu ijtimoiy-siyosiy tadbirga puxta hozirlik ko'rilgani saylovni muvaffaqiyatli o'tkazish imkonini berdi. Jumladan, saylovni tashkil etish hamda o'tkazishga ko'maklashuvchi komissiya va ishchi guruhlar tuzilib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. Ayni chog'da fuqarolar yig'inlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimlariga nomzodlarni tanlashga alohida e`tibor qaratildi. Buning samarasi o'laroq, elim, yurtim deb yashaydigan, tashabbuskor insonlar ushbu lavozimga saylandilar.

- Saylovga ko'rilgan puxta hozirlik o'zining samarasini  berdi, - deydi Respublika «Mahalla» xayriya jamg'armasining Xorazm viloyat bo'limi raisi Rustam Qutlimurodov. - Qariyb ikki oy davom etgan saylovlar jarayonida viloyat bo'yicha jami 654 ta fuqarolar yig'inlari yangidan shakllantirtildi. Aholi  654 nafar rais va 6 ming nafarga yaqin maslahatchiga yana ishonch bildirib, ularni qayta saylagan bo'lsa, 100 nafar rais va  1163 nafar maslahatchi bu vazifaga ilk bora saylandi. Saylanganlarning 50,8 foizini oliy, 34,7 foizini esa maxsus o'rta ma`lumotga ega bo'lganlar tashkil etdi.

. . . Shomurod aka Otanazarov 1997 yildan buyon Bog'ot tumanidagi Nayman qishloq fuqarolar yig'iniga rais­lik qiladi. Salkam 15 yil mobaynida shu vazifada ishlayotgan oqsoqolni hamqishloqlari qatorasiga oltinchi bora qishloq fuqarolar yig'ini raisligiga saylashdi.  Sirasini ayt­ganda, bu mantiqiy holat bo'ldi. Ha-da, tadbirkorlik bilan ezgu ishlarga bosh-qosh bo'lgan, kattayu kichikni birday boshiga ko'taruvchi fidoyi insondan uzoqlashishni kim ham ixtiyor etadi?

El ishonchiga sazovor bo'lish o'z-o'zidan yuzaga kelmaydi. Odamlar qayishganga qayishadi, suyaganni suyaydi. Bu - hayotning saboq va ibrat olsa arzigulik mantiqiy qonuni.  Masalaning bu jihati mushohada etiladigan bo'lsa, fuqarolar yig'inlari allaqachon kishilar hayotinig ajralmas va uzviy bo'lagiga aylanganligi, odamlar o'z turmushlarini usiz tasavvur eta olishmayotganiga guvoh bo'lasiz.

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, keyingi 2,5 yil ichida Xorazm viloyati bo'yicha qariyib 150 mingta yangi ish o'rni yaratilgan. Shu davr ichida jami 160 kilometrga yaqin masofada yangi suv tarmoqlari barpo etildi yoki mukammal ta`mirlandi. Buning sharofatidan viloyatdagi 60 ga yaqin qishloq va aholi punktlarining toza ichimlik suvga bo'lgan ehtiyoji qondirildi. Birgina o'tgan yilning o'zida 103,8 kilometr uzunlikda yangi gaz uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan qishloq joylarida namunali turar joy mavzelarini vujudga keltirish loyihasi asosida bunyod etilgan 590 ta yangi imorat egalariga topshirildi. Shu davr ichida viloyatdagi kichik va xususiy biznes sub`ektlari soni 11,2 mingga yetkazildi. O'tgan yilning o'zida 1810 ta yangi tadbirkorlik sub`ektlari vujudga keldi.

Guvohi bo'lganingizdek, mustaqillik sharofati bilan Xorazm viloyatida ham tub o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Albatta, mamlakatimiz erishayotgan taraqqiyotga hamohang ravishda farovonlik sari dadil odimlayotgan xorazmliklarning kelajakdan umidlari bundan-da katta. Shu bois viloyat aholisi yaqinda bo'lib o'tgan fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqollari) va maslahatchilari saylovida aholi bilan ishlashda namuna bo'la oladigan, keyingi yillarda aholi farovonligi, yurt taraqqiyoti uchun jon kuydiradigan munosib nomzodlarga ovoz berdilar.

Abdulla SOBIROV,

Jurnalist

 

 

83 marta o`qilgan