![]() |
![]() |
![]() |
Vatan ichra vatan
Fuqarolik jamiyati asosi, hayotimiz ko'zgusi
03.01.2012 16:56
26 dekabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Mahalla» respublika xayriya jamg'armasining hisobot-saylov konferensiyasi bo'lib o'tdi. Jamg'armaning 2006-2011 yillardagi faoliyati muhokamasiga bag'ishlangan anjumanda jamg'armaning hududiy bo'lim va bo'linmalari, fuqarolar yig'inlaridan saylangan delegatlar, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etib, unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasidan kelib chiqadigan jamg'armaning istiqboldagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi. «Mahalla» respublika xayriya jamg'armasi boshqaruvining raisi Anvar Ahmedov jamg'armaning o'tgan besh yil davomidagi faoliyati va navbatdagi vazifalari to'g'risida ma`ruza qilar ekan, istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy demokratik davlat qurish, davlat va jamiyatimizning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish hamda yangilashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari jarayonida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy va ma`naviy hayotining ajralmas qismi, kuchli bunyodkorlik salohiyatiga ega jamoatchilikning o'zini o'zi boshqarishning muhim birlamchi bo'g'ini bo'lgan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatining takomillashuviga ham alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida yurtimizda asosini xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bir-biriga yordam berish kabi ko'p asrlik an`analar tashkil etadigan, ana shunday o'ziga xos jihatlari bilan dunyoda o'xshashi yo'q noyob institut bo'lgan mahallaning rivoji davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida doimiy e`tiborda bo'lib kelmoqda. Qayd etish joizki, o'tgan yillar mobaynida o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda rivojlantirishga doir tizimli va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, mahalla instituti orqali aholini aniq yo'naltirilgan tarzda ijtimoiy muhofaza qilish tizimi amalga joriy etildi. Buning samarasi o'laroq bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin fuqarolar yig'inlari faoliyat ko'rsatib, ular ilgari mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kirgan 30 dan ortiq vazifani bajarmoqda va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fuqarolar manfaatlarini himoyalash kabi ko'plab masalalarni samarali hal etmoqda. Yana bir e`tiborli va muhim jihati shundaki, xalqimiz uchun munosib turmush shart-sharoitlarini yaratish, bunyodkorlik salohiyatini oshirish, ming yillik an`analarimizni tiklash va yanada rivojlantirish, milliy o'zlikni anglash hamda faxr-iftixor tuyg'usini mustahkamlashga qaratilgan va hayotga tatbiq etilayotgan tub o'zgarishlar natijasida yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo'lgan ishonchi tobora mustahkamlanib, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan jarayonlarning yuksak ahamiyatini yanada teran anglab yetmoqda. Shubhasiz, shuning o'ziyoq mamlakatimizning o'zi tanlagan rivojlanish yo'lida erishayotgan muvaffaqiyatlari davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va bugungi kunda butun dunyoda keng e`tirof etilgan islohotlarning «o'zbek modeli»ni hayotga tatbiq etishning yorqin samarasi bo'lishi bilan birga mahallaning hayotimizda nechog'li katta o'rin tutayotganidan dalolatdir. Konferensiyada so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev mustaqillik yillarida Prezidentimiz ilgari surgan «Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyili amalda ro'yobga chiqarilganini ta`kidladi. Davlat boshqaruvini demokratlashtirish jarayonida muhim funksiyalarining bir qismini jamoat tashkilotlariga, shu jumladan fuqarolarning noyob o'zini o'zi boshqarish organi - mahallaga bosqichma-bosqich o'tkazilgani ulkan vazifalardan biri bo'ldi. Huquqiy asoslari O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan mahalla institutining faoliyati istiqlol yillarida yangi, yanada teran mazmun-mohiyat kasb etdi. Ma`lumki, Prezidentimizning 1992 yil 12 sentyabrdagi Farmoniga muvofiq Respublika «Mahalla» xayriya jamg'armasi tashkil etilib, mazkur Farmonda jamg'armaning milliy madaniy merosimiz, xalqimizning eng yaxshi an`ana va urf-odatlarini asrab-avaylashning kafolati sifatida muhim o'rin tutishi qayd etilib, faoliyatining asosiy yo'nalishlari belgilab berilgan edi. Ta`kidlash joizki, o'tgan davrda ushbu hujjat talablaridan kelib chiqib, «Mahalla» jamg'armasi tizimi to'la shakllantirildi va faoliyati samarali yo'lga qo'yildi. Shuningdek, aholi ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoyalash, hududlarda sog'lom ma`naviy muhitni qaror toptirish, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, xalqimizning jipsligini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga fuqarolar yig'inlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, oxirgi uch yil ichida 3600 dan ziyod fuqarolar yig'inlari zamonaviy kompyuter vositalari bilan ta`minlandi. Amalga oshirilgan ishlar... Aytish joizki, bugungi kunda tarkibida 14 hududiy bo'lim, 196 tuman va shahar bo'linmalari mavjud bo'lgan jamg'arma yurtimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga doir amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotbaxshligini ta`minlashga salmoqli hissa qo'shmoqda. Xususan, jamg'arma va uning hududiy bo'limlari o'zining vazifalarini bajarish bilan bir qatorda miliy o'zlikni anglashni, jamiyatimizda o'zaro hurmat va hamjihatlik muhitini har tomonlama mustahkamlash, yurtimiz aholisining azaliy urf-odat hamda an`analarini asrab-avaylash, boyitish, kam ta`minlangan oilalar, nogironlar, yetim-esirlar, yolg'iz qariyalarga moddiy va ma`naviy ko'maklashish, bozor iqtisodiyoti sharoitida mahallalarni ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy rivojlantirishga yordam berishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Hisobot davrida kam ta`minlangan oilalarga, boquvchisini yo'qotgan va nogironlarga jami 14 millirad so'mdan, Saxovat va Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarni qo'llab-qvvvatlash, shifoxonalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun 5 milliard so'mdan ziyod mablag' sarflangani va 2006-2011 yillarda qabul qilingan Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni ro'yobga chiqarish uchun jamg'arma tomonidan jami 27 milliard so'mga yaqin mablag' yo'naltirilgani bunga bir misoldir. Anjumanda mahalla jamiyatda ma`naviy-ma`rifiy qadriyatlar, sog'lom turmush tarzi falsafasining qaror topishi, barkamol avlodni tarbiyalash, joylarda ta`lim, aholi bandligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta`minlashga katta hissa qo'shayotgani, bunday keng qamrovli ishlarni amalga oshirishda mahallaning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan o'zaro hamkorligi mustahkamlanayotgani ham alohida aytib o'tildi. Xususan, mahallalarda mutaxassislar ishtirokida yoshlarni istiqlol g'oyalari ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, ularni turli zararli oqimlar ta`siridan himoya qilishga bag'ishlangan uchrashuvlar, suhbatlar muntazam o'tkazilib, sog'lom turmush tarzini yuritish, to'y-hashamlar va boshqa oilaviy tadbirlarni o'tkazishda milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan dabdababozlik, isrofgarchiliklarning oldini olish, oilani mustahkamlash zarurligi uqtirilmoqda. Bu jarayonda fuqarolar yig'inlari huzurida faoliyat ko'rsatayotgan asosiy faoliyat yo'nalishlari bo'yicha komissiyalar, diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchilar, «Mahalla posboni» jamoat tuzilmalari muhim o'rin tutmoqda. Ular faoliyatini yanada kuchaytirishda esa «Mahallaning eng yaxshi oqsoqoli», «Eng namunali xotin-qizlar komissiyasi», «Eng namunali diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchi», «Eng namunali mahalla» ko'rik-tanlovlarining ahamiyati katta bo'layotir. Ma`lumki, yurtimizda iste`dod va mahorat bobida hech kimdan kam bo'lmagan yoshlarimizning qobiliyatini yuzaga chiqarish, intilishlarini qo'llab-quvvatlash doimiy e`tiborda bo'lib kelmoqda. «Mahalla» jamg'armasi ham ana shu ezgu maqsaddan kelib chiqqan holda faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida bolalar va yoshlarni sport bilan shug'ullanishga jalb etishga alohida e`tibor qaratmoqda. Anjumanda bu xususida so'z yuritilar ekan, mahallalarda 400 dan ortiq sport maydonchalari qurilib jihozlangani, 800 dan ziyod fuqarolar yig'inlariga sport inventarlarini sotib olishda yaqindan yordam ko'rsatilgani, shuningdek, har yili jamg'arma tomonidan an`anaviy ravishda sportning ko'plab turlari bo'yicha respublika musobaqalari o'tkazilayotgani va bu musobaqalar yil sayin ommalashayotgani, bunday sa`y-harakatlar samarasida hozirda mahallalardagi sport inshootlarida ikki millionga yaqin yoshlarimiz sportning turli yo'nalishlarida mahoratlarini oshirayotganini aytib o'tildi. ... va istiqboldagi rejalar Anjumanda davlatimiz rahbarining 2010 yil 12 noyabrda parlament palatalarining qo'shma majlisida ilgari surilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasi hayotimizning barcha jabhalari, shu jumladan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirishda ham yangi bosqichni boshlab bergani, ushbu hujjatda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish instituti - mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko'lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan o'zaro yaqin munosabatlarini ta`minlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etayotgani o'z aksini topgani, bularning barchasi pirovarida, mahalla oldiga yangi va muhim vazifalarni qo'yyotgani alohida ta`kidlandi. Anjumanda «Mahalla» jamg'armasi va uning joylardagi hududiy bo'limlari tomonidan mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznes markaziga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani, bu orqali yangi ish o'rinlari yaratilayotgani, aholining bandligi ta`minlanayotgani alohida qayd etildi. Tadbirda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud ayrim kamchiliklar xususida ham so'z yuritilib, bu borada yechimini kutayotgan dolzarb masalalar muhokama etildi. Xususan, mahalla instituti katta salohiyat va ro'yobga chiqarilmagan imkoniyatlarga ega ekani ta`kidlanib, bugungi tezkor zamonda yurtimizda yuz berayotgan tub o'zgarishlar jarayonida har bir mahalla faoli egallab turgan o'rnini xolisona va tanqidiy baholashi, tobora oshib borayotgan hayot talablariga javob berishi, kechayotgan davr bilan hamqadam bo'lishi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish, shu maqsadda tegishli qonunchilikni yanada takomillashtirish borasida mahallaning o'rni va rolini oshirishga, jamg'armaning hududiy bo'limlari va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari barkamol yosh avlodni tarbiyalash, yosh oilalarga har tomonlama yordam berish, yoshlarning dunyoqarashi va tafakkurini kengaytirish, mahallalar aholisi, ayniqsa, fuqarolar yig'inlari raislari va ularning maslahatchilarining huquqiy madaniyatini oshirish, jinoyatchilikning oldini olishga doir ishlarni faollashtirish zarurligiga e`tibor qaratildi. Bundan tashqari, konferensiyada mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar ko'lamini kengaytirish bo'yicha ham tavsiyalar berildi. Shundan so'ng davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida belgilangan hamda Mustahkam oila yilida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, jamg'armaning istiqboldagi rejasi muhokama etildi. Jumladan, mahallani aniq yo'naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, uning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish tizimidagi vazifalarni bajarishida ko'maklashish, ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, mahalla instituti tashkiliy asosini yanada takomillashtirish, oila instutini mustahkamlashda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish ishtirokini oshirish, mahallalarda yoshlar tarbiyasi va ularni ish bilan ta`minlash kabi dolzarb vazifalar belgilab olindi. Konferensiyada muhokamadan so'ng «Mahalla» respublika xayriya jamg'armasining Nizomi qabul qilindi. Jamg'armaning Homiylik kengashi va boshqaruvining tarkibi saylandi. Anvar Ahmedov «Mahalla» respublika xayriya jamg'armasi boshqaruvining raisi etib saylandi. Konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Ixtiyor Abdullayev ishtirok etdi. * * * * * * * Konferensiya delegatlari Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo'lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo'ydi. Shuningdek, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarida hamda mahallarda bo'lib, olib borilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Sodiq NORBOYEV, «Jamiyat» muxbiri
61 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|