Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Hamkorlik ijobiy samara bermoqda
02.02.2012 22:11

 Qadim-qadimdan muqaddas qo'rg'on deya ta`riflanadigan oilaning mustahkam bo'lishi bir qator omillarga bog'liq bo'lib, bu jarayonda mahalla institutining ham o'rni katta.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda asosini xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bir-biriga yordam berish kabi ko'p asrlik an`analar tashkil etadigan, ana shunday o'ziga xos jihatlari bilan dunyoda o'xshashi yo'q noyob institut bo'lgan mahallalar oilaviy totuvlikni ta`minlashga ham munosib hissa qo'shayotir.

Ta`kidlash o'rinliki, oila - jamiyatning negizidir. Mahalla fuqarolar yig'inlarini ham katta bir oila deb tasavvur etsa bo'ladi. Bunda ham o'zaro hurmat va tartib-intizom bo'lmasa, oilaning barcha a`zolari o'z burchlarini ado etmasa, bir-biriga nisbatan ezgulik bilan mehr-oqibat ko'rsatmasa yaxshi va munosib tarzda yashab bo'lmaydi. Oila ikki tomonning ixtiyori bilan quriladi hamda o'zining ko'p asrlik mustahkam ma`naviy tayanchlariga ega bo'ladi. Buni birgina Fijduvon tumani misolida ko'radigan bo'lsak, o'tgan 2011 yilda mahallalardagi yarashtirish komissiya a`zolarining sa`y-harakatlari bilan nikohdan ajralish haqida fuqarolik sudiga ariza bergan 41 ta oila o'zaro murosaga keltirildi.

Faoliyatimizdan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, bugungi kunda ko'plab oilalar, shu jumladan, turmush qurayotgan yoshlar nikohni rasmiylashtirish jarayoniga mahalla faollarini ham taklif etishmoqda. Bu albatta, quvonarli hol. Zero, maqolada to'g'ri  qayd etilganidek, bu shaxslar nafaqat bo'lg'usi oilaning mustahkam bo'lishiga hissa qo'shadilar, balki oilaviy nizolar paydo bo'lgan sharoitda jarayonlar ishtirokchisi sifatida nizolarni bartaraf etishga mas`ul bo'lmoqdalar.

Aytish joizki, mahallada o'z oilasi, nasl-nasabi bilan faxrlanish vatanparvarlik tuyg'usi bilan hamohang bo'lib, bu eng avvalo, oilaviy an`analarni asrab-avaylash, qayta tiklash, boyitish, ota-bobolarning muborak nomlariga dog' tushirmaslikka intilish, o'z mehnati, bilimlari bilan ajdodlar sha`nini saqlash, mahalladagilar hurmat-e`tiboriga sazovor bo'lish kabi fazilatlarni mujassamlashtirgan. Shundan kelib chiqqan holda mahallalarda yoshlarni istiqlol g'oyalari ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, ularni turli zararli oqimlar ta`siridan himoya qilish, sog'lom turmush tarziga rioya etish, to'y-hashamlar va boshqa oilaviy tadbirlarni o'tkazishda milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan dabdababozlik, isrofgarchiliklarning oldini olish, oilani mustahkamlashga bag'ishlangan uchrashuvlar, suhbatlar muntazam o'tkazilmoqda. Bu jarayonda fuqarolar yig'inlari huzurida faoliyat ko'rsatayotgan asosiy faoliyat yo'nalishlari bo'yicha komissiyalar, diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchilar, «Mahalla posboni» jamoat tuzilmalari bilan hamkorligimiz ham muhim o'rin tutmoqda.

Nusratullo JAHONOV,

Buxoro viloyati Fijduvon tumani

Fuqarolik holati dalolatnomalarini

yozish bo'limi mudiri

27 marta o`qilgan