![]() |
![]() |
![]() |
Vatan ichra vatan
Hayot mehvari
30.01.2012 15:13
Mashhur rassom kunlarning birida dunyoning eng go'zal asarini chizishga qaror qildi. Buning uchun ana shu ijodiy tafakkuriga asos bo'la oladigan yangilikni topish maqsadida sayohatga chiqdi. Yo'lda keksa bir odamni uchratib qoldi. Undan dunyodagi eng go'zal narsa nima bo'lishi mumkinligi haqida so'radi. Otaxon uning savoliga hech ikkilanmasdan: «Imon, bolam, Imon!», - deb javob qildi. Sokin bog' oralab yurgan yigit bilan qizdan so'raganida, ular: «dunyodagi eng go'zal narsa - sevgi» deyishdi. Rassom yo'lida davom etdi. Endi unga tushkun kayfiyatdagi askar duch keldi. Ayni savolga askar: «Tinchlik» deya javob berdi. Rassom Imon, Sevgi va Tinchlikni bir rasmda yaxlit ifoda etish xususida o'ylay-o'ylay ortga qaytdi. Uyining eshigidan kirishi bilanoq bir manzaradan lol qotdi: bolalarining qarashlarida Imon, ayolining ko'zlarida Sevgi, xonadonida esa Tinchlik hukm surardi. Rassom ilhom bilan dunyoning eng go'zal asarini chizishga kirishdi. Va unga shunday nom berdi: «MYeNING OILAM». Darhaqiqat, oila muqaddas tushunchadir. U
hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta`minlaydigan, muqaddas urf-odatlarni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak
nasllar barkamolligi uchun g'amxo'rlik ko'rsatadigan tarbiya o'chog'idir.
Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas sanalgan. Agar oila sog'lom va mustahkam bo'lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Binobarin, mahalla-yurt mustahkam bo'lsagina, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Katta otam (bobom) Toshkentga, farzandlarinikiga kelganda azim shaharda uzog'i bilan bir hafta xotirjam tura olardi. Ko'p hollarda uch kun o'tmasdan qishloqqa qaytishga shaylanar, amakilarim ham, biz ham yana bir-ikki kunga qoling deb harchand undamaylik, u o'z fikridan qaytmasdi. Dasturxon ustida ham qishloqni, uyni o'zgacha intiqlik bilan tilga olar, «mol-holga qarash kerak, ekin-tikinlar nima bo'ldi ekan», deb xavotirlanaverardi. «Mana Xudoga shukr, sizlarni ko'rdim, shogirdlarim bilan diydorlashdim, sog'-salomat ekansizlar, men qishloqqa qaytmasam bo'lmaydi endi, kichkina nevaram ko'z oldimdan o'tayapti, sog'indim», derdi. Shundan keyin hech kim hech nima deya olmasdi. U kishi faqat tug'ilib o'sgan qishlog'ida, uyidagina o'zini xotirjam his qilardi. Yaxshi eslayman, unda maktabda o'qirdim. Kuzning oxirlari edi. Ukam bilan hovlimizdagi qurigan o'rik daraxtini yiqitib, o'tin qilardik. Shu asnoda katta otam bu o'rikning tarixi, uning mevalaridan bizgacha necha avlod bahramand bo'lgani, og'ir zamonlarda uning mevasi yozu qish odamlarni ochlikdan asragani, jaziramada yaxshi so'ribop joy ekani xaqida ko'p narsalarni gapirib berdi. O'sha kuni kechqurun oynai jahonda «Axborot» ko'rsatuvidan keyin Prezidentimiz Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi nihoyasida jurnalistlarga bergan intervyusi namoyish etildi. Katta otam bilan o'sha ko'rsatuvni oxirigacha ko'rdik. Prezidentimizning o'shanda aytgan so'zlari hali-hanuz esimdan chiqmaydi. «Germaniyada xalqimizning milliy xususiyatlari, fazilatlarimiz to'g'risida gap ketganda, nemis do'stlarga ota-bobolarimizdan qolgan bir hikmatni shunday sharhlab berdim: odamzod dunyoga kelgach, umri davomida uch maqsadni ko'zlab yashamog'i lozim. Avvalambor Olloh taolo marhamati bilan insonning izidan farzand qolsin. Shu farzandni har tomonlama sog'lom, ma`naviy barkamol qilib tarbiyalab, o'zining ishlarini uning qo'liga topshirsin. Farzand otasining ishlarini, kerak bo'lsa, undan ham o'tkazib davom ettirsin - bu birinchi maqsad. Ikkinchi - uy qurish. Uy deganda men oddiy imoratni emas, farzandlarimizga qoldiradigan obod va ozod Vatanni nazarda tutaman. Inson hayotining uchinchi ma`no-maqsadi - daraxt ekib, bog' yaratish. Daraxt o'stirish, bog' barpo etish, mana shu zamiinimizni gullab-yashnatish, uni obod qilishdek savobli ish yo'q dunyoda. Mana shu uch maqsadga erishgan odam o'z hayotidan mamnun o'tadi. Undan faqat yaxshi xotira qoladi». O'sha paytda men 5-sinf o'quvchisi edim. Esimni tanigach, bu gaplarning mag'zini chaqa boshladim. Bu fikrlar - o'zbek xalqining tarjimai holi ekanini angladim. «O'zbekistonda tug'ilib, voyaga yetdim. Shu tabarruk zaminda ta`lim-tarbiya oldim, kasb-hunar egalladim. Oila qurdim. Hayotimni, taqdirimni shu saxovatli zamin, uning bag'rikeng va mehnatsevar xalqidan ayro tasavvur etolmayman. Men O'zbekiston farzandi ekanimdan faxrlanaman!» Bu - yurtimizda uzoq yillar umumta`lim sohasida faoliyat olib borgan, bugungi kunda O'zbekiston-Koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasining Toshkent viloyati bo'limi raisi bo'lib ishlayotgan Darya Pyagayning so'zlari. Ushbu samimiy fikrlar kishida O'zbekiston shu yurtda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun yagona oila, mustahkam qo'rg'on, Onadek muqaddas ekanini yana bir bor uqtirgandek bo'ladi. Yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, ko'plab millat va elat vakillarining ahil-inoqliqda istiqomat qilayotgani, jamiyat ravnaqiga hissa qo'shayotgani bugun jahonning aksariyat davlatlari tomonidan ibrat olishga arzigulik andoza sifatida alohida e`tirof etilmoqda. Bu ham o'zbek xalqining bag'rikengligi, mehr-oqibatliligi ifodasidir. Bu insoniy fazilatlarning beshigi esa oiladir. Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak ham eng qimmatli an`analar: halollik, rostgo'ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avvalo, oilada shakllangan. Maqolamiz avvalida tilga olingan kichik hikoya mohiyatida katta hayot haqiqati ifoda etilgandek. Zero, oila muqaddas, oila - Vatan timsolidir. Vatan esa inson uchun hayot mehvari. Agar men ham rassom bo'lganimda va bir kun eng go'zal asarni yaratishga qo'l ursam, o'sha mashhur rassomning g'oyasini inkor etmagan holda, dunyoning eng buyuk mohiyati mujassam topgan shunday asar yaratar edim va unga «MYeNING VATANIM» deb nom berardim.
Nurali ShODIYeV 24 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|