Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Ijtimoiy himoya milliy va umuminsoniy qadriyatdir
24.11.2011 23:18

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil va keng ko'lamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini ijobiy hal etishda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, xususan, mahallalarning o'rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. «Mahalla» xayriya jamg'arma respublika boshqaruvi hamda uning joylardagi bo'lim va bo'linmalari, qolaversa, mahalla fuqarolar yig'inlari tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlari — kam ta`minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalar, nogiron va yolg'iz qariyalar, faxriylar har tomonlama qo'llab-quvvatlanib, moddiy va ma`naviy ko'mak berilayotgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va rivojlantirish, mazkur ins­titutni jamiyat siyosiy, iqtisodiy va ma`naviy hayotining ajralmas qismi va muhim birlamchi bo'g'ini sifatida kuchaytirishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida ham o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan, xususan, mahallani aniq yo'naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, shuningdek, uning davlat bosh­qaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish tizimidagi vazifalarini kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

 

MAQSADGA YO'NALTIRILGAN

IShLAR

 

Ayni paytda yurtimizda o'n ming­ga yaqin mahalla fuqarolar yig'ini faoliyat ko'rsatayotir. Yuqorida ta`kidlaganimizdek, islohotlar jarayonida mahallada ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, qadriyatlarimizni targ'ib qilish or­qali oilalarni yanada mustahkamlash, barkamol avlodni voyaga yetkazish, yordamga muhtoj oilalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasidagi o'rni ortib bormoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, o'tgan davr mobaynida jamg'arma tuzilmalarining moliyaviy ko'magida oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan yetim va nogiron yigit-qizlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 100 nafardan ortiq talabalarning to'lov-shartnoma pullari to'landi. Shuningdek, 55 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo'qotgan o'g'il-qizlarga 78,5 million so'mlik zamonaviy kompyuter jamlanmalari olib berildi.

«Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik» Davlat dasturiga asosan, 1850 ta kam ta`minlangan oila farzandlarining nikoh va xatna to'ylarini o'tkazish, ularning turmush sharoitini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishiga ko'maklashish maqsadida 536 million so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 843 ta oilaga bir boshdan qoramol tarqatildi.

Shuningdek, mamlakatimiz tarixi va ma`naviyatidagi muhim shonli sanalar arafasida ehtiyojmand oilalar, yolg'iz qariyalar va nogironlarga moddiy-ma`naviy ko'mak berishdek ezgulik va yaxshilikka yo'g'rilgan xayr-saxovat amallari bajarib kelinmoqda. «Mahalla» xayriya jamg'armasi respublika boshqaruvi hamda uning joylardagi bo'lim va bo'linmalari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan nogironlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, faxriylar, kam ta`minlangan, ko'p bolali, boquvchisini yo'qotgan oilalar holidan muntazam xabar olib kelinyapti.

Xususan, O'zbekistoni Respublikasi Prezidentining «Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida»gi Qaroriga muvofiq yurtimizda keng nishonlangan Qurbon hayiti arafasida jamg'arma tuzilmalarining hamda fuqarolar yig'inlarining moliyaviy ko'magida yurtimizda istiqomat qilayotgan 31 ming nafardan ziyod kam ta`minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalar va yolg'iz keksalarga 962 million so'mdan ziyod xayriya yordami ko'rsatildi.

Bundan tashqari, jami 79 ta «Mehribonlik», «Muruvvat» va «Saxovat» uylariga 44 million so'mga yaqin miqdorida moddiy ko'mak berildi. Jam­g'armaning Andijon va Farg'ona viloyatlaridagi «Muruvvat» uylariga respublika boshqaruvi tomonidan 12 million 500 ming so'mlik xayriya yordami ko'rsatildi. Mahallalarda yuz yoshdan oshgan nuroniylarning 1238 nafarining holidan xabar olinib, ularga sov­g'a-salomlar tarqatildi. Ushbu maqsadlar uchun 50 million so'mdan ortiq mablag' ajratildi.

Shuningdek, Vatan himoyachilari, Xotin-qizlar, Navro'z, Xotira va qadr­lash hamda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayramlarida turli qiziqarli uchrashuv, tadbirlar tashkil etildi va bayram dasturxonlari yozildi.

 

YOShLAR – DOIMO E`TIBORDA

 

O'sib kelayotgan navqiron avlod vakillarining o'z iqtidorlarini to'la namoyon etishlariga munosib sharoit yaratish, ularning hayotda o'z o'rinlarini topishlariga ko'maklashish ham jamg'armamiz faoliyatidagi dolzarb masalalardan. Xususan, navqiron avlod vakillarining milliy hunarmandchiligimizga bo'lgan qiziqishini yuksaltirish maqsadida 37 ming nafardan ortiq o'g'il-qizlarning «ustoz-shogird» yo'nalishida kasb-hunarga o'rgatish tizimi yo'lga qo'yildi.

Aholi orasida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini kengroq targ'ib etish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat tuyg'ularini yuksaltirish maqsadida birgina joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida 4,5 milliondan ortiq aholi ishtirokida 124 mingga yaqin ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etildi. Qolaversa, fuqarolar yig'inlarida davlat dasturining mazmun-mohiyatini, maqsadlarini tushuntirish, belgilangan bandlar ijrosini ta`minlash bo'yicha ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan 27 mingdan ortiq davra suhbati, muloqotlar va seminarlar o'tkazildi. Bu tadbirlarga 2,1 milliondan ortiq aholi jalb etildi.

«Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi va jamg'arma ish rejasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida mahallalarda kasanachilik, oilaviy biznes, xususiy tadbirkorlik va milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va kengaytirish hisobiga mamlakatimiz bo'yicha 63 mingga yaqin ish o'rni tashkil etishga ko'maklashildi.

Bir so'z bilan aytganda, istiqlol yillarida ijtimoiy himoyaning milliy ko'rinishi yanada yorqinroq bo'y ko'rsatmoqda. Eng muhimi, ehtiyojmand insonlar holidan xabar olish, ularga mehr-muruvvat ko'rsatishdek xalqimizning ezgu qadriyatlari bugun davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.

Rahmatilla ShERALIEV,

O'zbekiston «Mahalla» xayriya jamg'armasi Respublika boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari

 

 

57 marta o`qilgan