Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Ma`naviyat beshigi
18.12.2011 19:03

«Men yana bir bor mahallalar faoliyatiga ahamiyat berishga, ularning darajasini ko'tarishga da`vat qilaman. Zero, barchamiz mahallada o'sganmiz. Uning nufuzini ko'tarish, bilingki, nafaqat iqtisodiy, nafaqat ijtimoiy, balki bu siyosiy, tarbiyaviy, ulkan ma`naviy masaladir»

Islom  KARIMOV.

Kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda mahallaning roli va vakolatlari tobora oshib borayotganligi  ob`ektiv ijtimoiy jarayon bo'lib, u fuqarolik jamiyatining eng xalqchil va demokratik institutlaridan biri, noyob, betakror  ijtimoiy boshqaruv idorasi, ona yurt ramzi sifatida o'zini namoyon etmoqda. Respublika «Mahalla» xayriya jamg'armasi Qashqadaryo viloyati bo'limi boshlig'i Dolli ALLAYEV bilan muxbirimizning suhbati shu xususida bo'ldi.

- Muhtaram Prezidentimiz mahallalar  ishiga alohida e`tibor qaratib, ularning chinakam o'zini o'zi boshqarish organlari, yuksak ma`naviyat beshigi bo'lishi lozimligini ko'p bora  ta`kidlaganlar, - deydi suhbatdoshimiz. - Mustaqillik davrida davlatchiligimiz tarixida birinchi marta «mahalla» tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o'rni va maqomi qat`iy belgilab qo'yildi. Asosiy qonunimizning 105-moddasida uning huquqiy maqomi bayon etildi va shu tariqa fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari tizimining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yaratildi. O'zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari  to'g'risida»gi Qonuni qabul qilindi, Respublika «Mahalla» xayriya jamg'armasi tuzildi.

Mahalla instituti O'zbekistonga xos milliy qadriyat va xalq ma`naviyatining sarchashmasi hisoblanadi. O'zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kishilar holidan xabar olish, yetim-esirlarning boshini silash, to'y-tomosha, hashar va ma`rakalarni ko'pchilik bilan bamaslahat o'tkazish kabi avloddan-avlodga o'tib kelayotgan qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz dastavval mahalla hayotida yorqin namoyon bo'ladi.

«Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilining amalda ro'yobga chiqarilishini ta`minlashda mahallalarning roli va ahamiyati  beqiyosdir. Chunki mahalla milliy mentalitetimizga mos bo'lgan, tarixan tarkib topgan jamoatchilik boshqaruv tizimi  bo'lib, davlat hokimiyati organlarining  muayyan vazifa-vakolatlarini tobora ko'proq o'z zimmasiga olmoqda. Bu esa mahalla institutining o'zini o'zi boshqarish organi sifatida  katta imkoniyatlarga va afzalliklarga ega ekanini ko'rsatadi. Bugungi kunda joylarda fuqarolar yig'inlari davlatning aholini  ijtimoiy himoyalash borasidagi vazifalarini hal etishda faol qatnashib, aholiga turli xil ijtimoiy yordam va xizmatlar ko'rsatilishida, nafaqa va bosh­qa xil moddiy yordam turlarini yetkazishda, aholi bandligini ta`minlashda muhim rol o'ynamoqda.

- Bu masalalar Qashqadaryo viloyati miqyosida qanday hal etilmoqda?

- Hozirgi vaqtda viloyatimizda 620 ta qishloq va  mahalla fuqarolar yig'ini bo'lib, ularning asosiy qismi o'z binosiga ega. Joriy yil may-iyun oylarida bo'lib o'tgan saylovlarda  qishloq va  mahalla fuqarolar yig'inlariga yetarli bilim va qobiliyatga ega bo'lgan, el orasida hurmat-e`tibor qozongan kishilar raislikka va  boshqa mas`ul vazifalarga saylandilar. Endilikda mahalla oqsoqollari diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy masalalar bo'yicha maslahatchilar, mas`ul kotib, mahalla faollari hamda posbonlar bilan hamjihatlikda mahalla hayotiga oid barcha masalalarning oqilona yechimini topib, xususan, ilgari davlat tomonidan amalga oshirilib kelingan aholini ijtimoiy himoyalash borasidagi vazifalarni ham muvaffaqiyatli hal etmoqdalar. Masalan, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash vakolati fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga o'tkazilgani kam ta`minlangan va ko'makka muhtoj aholi toifasini, shu jumladan, ko'p bolali ehtiyojmand oilalarni, ikki yoshga to'lmagan farzandlarining parvarishi bilan mash­g'ul bo'lgan onalarni ijtimoiy jihatdan aniq yo'naltirilgan tarzda qo'llab-quvvatlash imkonini berdi. Shuning barobarida moddiy yordam va nafaqalar nafaqat davlat byudjeti, shuningdek, bosh­qa moliyaviy manbalar hisobidan ham to'lanishi, bunday xayrli ishlarni tashkil etish xohish-istagini bildirgan korxona, muassasa va tashkilotlarning erkin qatnashishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilganligi ko'pchilikka manzur bo'ldi. Chunki davlatimiz rahbari o'rinli ravishda qayd etganidek, «mahalla kim qanday sharoitda yashayapti, kim haqiqatdan ham yordamga muhtojligini yaxshi biladi. Mahalla orqali yordam ko'rsatishda adolat tamoyili buzilmaydi». Hayot bu so'zlarning naqadar to'g'riligini ko'rsatdi.

Bu borada aholining muayyan qatlamini ijtimoiy himoyalash masalasini olib qaraydigan bo'lsak, mazkur sohada ham arzigulik ishlar qilinayotganini ko'ramiz. Shu yilning o'tgan to'qqiz oyi mobaynida jamg'armamizning Chiroqchi bo'linmasi tomonidan uch nafar nogiron  talabani ijtimoiy himoyalash maqsadida ularning o'qishi uchun 1 million 600 ming so'm miqdoridagi shartnoma mablag'lari to'lab berildi. Mirishkor tuman bo'linmasi esa kam ta`minlangan oila farzandi Elbek Foyibovning 2010-2011 yilgi o'quv shartnomasi uchun  7 00 ming so'm mablag'ni o'tkazib berdi. Jamg'armaning Qarshi shahri, Qamashi, Muborak, Kitob, Shahrisabz, Fuzor tuman bo'linmalari ham ana shunday kam ta`minlangan va boquvchisini yo'qotgan oilalar farzandlarining o'qishi uchun kontrakt to'lovlarini o'z zimmalariga oldilar. Shahrisabz tuman bo'linmasi tomonidan Pisandi mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi O'zbekiston Milliy universiteti talabasi, 2-guruh nogironi Shahboz To'rayevga, Yakkabog'  tuman bo'linmasi tomonidan esa Jambul mahallasi Fafur Fulom ko'chasida yashovchi Toshkent davlat agrar instituti talabasi Jasur Nurodovga kompyuter sovg'a qilindi. Jamg'armaning viloyat bo'limi tomonidan Nishon tumanidagi Ulug'bek mahalla fuqarolar yig'ini hududida yashovchi fuqaro Barno Davletova vasiylikka olgan bolalarga kompyuter jamlanmasi olib berildi. Jami 4 million 400 ming so'm mablag' sarflanib, nogiron va kam ta`minlangan oila farzandlari bo'lmish talabalar zamonaviy o'quv vositalaridan foydalanishlari uchun ularning kompyuterlari «ZiyoNET» tarmog'iga ulandi.

Kam ta`minlangan oilalar farzand­larining nikoh va sunnat to'ylarini homiylar ko'magida  esda qolarli qilib o'tkazish, yordamga muhtoj oilalarga qoramol olib berish kabi xayrli ishlar ham aholini moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashning sinalgan usuli sifatida qishloq va mahalla yig'inlari faoliyatidan mustahkam o'rin olmoqda. Shu yilning  o'tgan oylarida jami 50 ta kam ta`minlangan oilaga  qoramol olib berish uchun 65 million so'm mablag' sarflandi.

- Mahallalarda aholining  ish bilan bandligini ta`minlash sohasida qilinayotgan ishlar haqida nima deya olasiz?

- Oilaviy biznes, kasanachilik, xususiy tadbirkorlik va ayniqsa, xizmat ko'rsatish sohalari hamda  hunarmandchilikni rivojlantirish bo'yicha  mahallalarda  mavjud imkoniyatlar monitoringi o'tkazib borilmoqda. Monitoring asosida har bir mahallada kichik biznes, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish va yangi ish o'rinlari tashkil etish  bo'yicha tuman (shahar)larda hududiy dasturlar ishlab chiqildi. Shu yil 2 may kuni Qarshi shahridagi «Yoshlar markazi»da o'tkazilgan davra suhbatida «Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga binoan mahalla fuqarolar yig'inida xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesning novvoylik, sartaroshlik, kosibchilik kabi faoliyat turlarini yo'lga qo'yish bo'yicha ishlab chiqilgan loyiha muhokama etilib, qabul  qilindi. Shuningdek, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat das­turida belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan qishloq va mahalla fuqarolar yig'inlarida ish rejasi ishlab chiqilgan. Rejaga asosan aholi o'rtasida Davlat dasturining ijtimoiy-siyosiy va ma`naviy ahamiyati to'g'risida jami 8527 ta tadbir o'tkazildi. Viloyatdagi barcha mahallalarda ishchi guruhlari tashkil etilib, oilaviy tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lganlar ro'yxati tuzib chiqildi.

Yilning o'tgan davrida 65 ming nafar kishi oilaviy biznes bilan shug'ullanish istagini bildirdi va shulardan 15 ming kishiga kredit liniyalari ochilib, ro'yxatdan o'tkazildi. Keyingi yillarda viloyat bo'yicha yaratilgan jami 142 mingta ish o'rinlarining salmoqli qismi mahallalarda ochilgan oilaviy biznes va hunarmandchilik ob`ektlari hisobidan ekanligi bu sohadagi ishlarimizning samarasini ko'rsatib turibdi.

- Mahallani tarbiya maskani deb ataymiz. Sizning bu haqdagi fikringiz?

- Fuqarolarning o'zini o'zi bosh­qarish organlarining asosiy vazifalaridan biri yoshlar tarbiyasi masalasidir. Chunki har bir jamiyat a`zosining ilk hayoti oiladan boshlanadi. Oila esa mahallada shakllanadi. Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Kons­ti­tutsi­ya­­sining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan kirib kelayotgan yangi - 2012 yilga «Mustahkam oila yili» deb nom berildi. Davlatimiz rahbari ushbu tantanali marosimda ta`kidlaganidek, «Mustahkam oila» degan g'oyaning hayotimizdagi amaliy ifodasini ko'rishda hech shubhasiz, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi sifatida nom qozongan mahalla tizimining o'rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ayniqsa, yosh oilani hayotning turli to'fonlaridan asrash, uning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun yelkadosh bo'lish, bu borada zarur ko'mak, maslahat ko'rsatishda mahallaning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi». Mahallaning tarbiyaviy ta`sirini bosh­qa ijtimoiy ta`sir choralaridan ustun jihati shundaki, har bir odam o'z oilasining obro'-e`tiborini, avvalo, mahallada munosib saqlashga harakat qiladi. Mahalla oqsoqollari o'zlariga berilgan vakolatlaridan foydalanib, o'z hududi doirasida jamoat tartibini saqlash, o'smirlar va yoshlar o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda samarali ish olib borilmoqda. Ayniqsa, diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy masalalar bo'yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi mahallada sog'lom muhit yaratilishida, yoshlarni turli diniy-eks­tremistik guruhlar ta`siridan asrash va ularni yuksak ma`naviyatli insonlar qilib tarbiyalashda  katta ahamiyat kasb etmoqda. Xalqimizning «Mahallang - ota-onang», «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» kabi so'zlarida katta hikmat bor. Xulosa qilib aytganda, yoshlarning ma`naviy-ruhiy jihatdan ulg'ayishida tarbiya o'chog'i bo'lgan mahallaning roli va o'rni beqiyosdir.

Suhbatdosh: Mahmud PIRMATOV.

71 marta o`qilgan