Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Nuqra jilosi
14.10.2011 09:17
Ekspeditsiya oldida Uchquduqdan Nurotaning Sentabsoyigacha bo'lgan bir necha yuz chaqirimli, olis masofani bosib o'tish muammosi ko'ndalang turardi. Sentabsoyga qadim qo'rg'on va quduqlar, toshbitiklar hamda uning betakror tabiatini tasvirga muhrlash niyatida yo'lning tanobini tortib borardik. Ekspeditsiya oldida Uchquduqdan Nurotaning Sentabsoyigacha bo'lgan bir necha yuz chaqirimli, olis masofani bosib o'tish muammosi ko'ndalang turardi. Sentabsoyga qadim qo'rg'on va quduqlar, toshbitiklar hamda uning betakror tabiatini tasvirga muhrlash niyatida yo'lning tanobini tortib borardik.

Sentabsoy manzarasi so'lim va rang-barang. Tog' bag'ridagi qadim qo'rg'onlar go'yo bizga ertak so'zlaydi. Shuning uchun biz uni shartli ravishda afsonalar shaharchasi deb nomladik. Biz avvalgi ekspeditsiyalar davomida o'g'irlarning xilma-xilini, ya`ni yog'och va toshkelilarni ko'p bor ko'rganmiz. Lekin bahaybat xarsang o'g'irga birinchi bor duch kelganimizda hayratimizni yashira olmadik. Chor-atrofni qorong'ulik qoplab, tog'lar yanada salobatliroq ko'rina boshlagan bir paytda belgilangan manzilga yetib keldik.

Tongdanoq Sentabsoyga tuman tushib, yomg'ir tomchilay boshladi. Ob-havoning buzilishi, ayniqsa, goh siyraklashib, goh quyuqlashib turgan tuman ishimizga jiddiy xalaqit berishini yaxshi bilsak-da, negadir bundan ranjishni xayolimizga keltirmadik. Chunki bu manzilga tunni qorong'ilatib kelgan ekspeditsiya qarshisida tongdanoq g'oyatda go'zal va fusunkor manzara yuz ochgan edi-da. Sentabsoyliklar ta`biricha, bunday betakror manzara faqat Sentabsoyda va shundayam yilda bir marta, ya`ni kech kuzdagina bo'larkan. Qisqasi, Sentabsoyning qishi oppoq, bahor va yozi yam-yashil, kuzi esa rang-barang tusda. Musavvirlar tili bilan aytganda, ranglar majmuasi.

Sentabsoyga hatto tuman ham yarashadi. Tumanli havoda u yanada ulug'vor, yanada sirli tus oladi. Ta`bir joiz bo'lsa, ranglar so'zlardi, ranglar kuylardi.

Nurota tog'ining katta-kichik tizmalar oralig'ida Kulbasoy, Uchmasoy, Uxumsoy, Oqtepasoy, Ko'ksaroysoy, Oqchopsoy kabi o'nlab daryo va soylar mavjud bo'lib, bu maskanlarning har biri o'ziga xos tabiat bilan bir-biridan farqlanib, o'z navbatida, yaxlitlik va umumiylikni tashkil etadi. Jumladan, Sentabsoy ham o'z tabiati va shuningdek, o'z tarixiga ega bo'lgan ko'hna tog'li manzillardan biri hisoblanadi. Darvoqe, Sentabsoy so'zining lug'aviy ma`nosiga kelsak, «Sen» — nuqra, «tab» — jilosi demakdir. Sentabsoy «Nuqra jilosi» degan ma`noni bildiradi.

Yilning har faslida ham xuddi nuqradek jilolanib turadigan bu maskanning ayrim qirralarini o'rganish uchun asta yo'lga tushamiz. Maydalab yog'ayotgan yomg'ir aslo malol kelmaydi. Chunki bu yurtning har bir qarich yeri, har bir toshi hikoyat so'zlaydi. Ekspeditsiya o'sha hikoyalarni eshitmoq ishtiyoqida olg'a ilgarilashda davom etadi.

Biroq tog' baribir tog'-da, ekspeditsiya tushgan mashina ko'pam uzoqlamay, yarim yo'ldayoq to'xtaydi. Odatdagidek, yana yayov yurishimizga to'g'ri keladi. Boz ustiga, tuman hamda yomg'irning maydalab yog'ishi yetmagandek, g'arbdan achchiq izg'irin qo'zg'aladi. Lekin shunday noqulay ob-havoda ham Sentabsoy tabiati o'zini ko'z-ko'z qilgandek, yashnab turardi.

Tarixchi olimlarning qayd etishicha, bu tog'larning yuzaga kelishi Poleozay erasining Sulur davriga to'g'ri keladi. Qisqasi, bu tog'u toshlar o'z-o'zidan paydo bo'lmagan, balki ma`lum davr va to'fonli jarayonlarni boshdan kechirgan.

Sentabsoy barcha turdagi yovvoyi jonivorlar olamiga boy hududlardan biri ekan. Qizig'i, agar tog' bag'ridagi biror kamarga bosh suqsangiz, albatta, o'rgimchak to'riga duch kelasiz. Ular barcha kamar og'zini atay to'r bilan chirmab chiqqanday. Shuningdek, bu yerda ularning o'ta zaharli turlari mavjudligini ham unutmaslik kerak.

Qir yonbag'rida quyuq o'sgan chakalakzor esa ilonlar makoni ekan. Ekspeditsiya davomida Sentabsoyda o'rmalovchi jonivorlar haddan ziyod ko'pligiga ishonch hosil qildik. Chunki bu yerning iqlimi barcha turdagi jonzotlarning yashashi va ko'paymog'iga juda qulay. Yozda yonbag'irlikdagi butazoru chakalakzorlarni va hattoki quyidagi bog'larni ham o'ziga makon tutadigan jonzotlar tomonidan qoldirib ketilgan ilon po'stlarini yilning bu faslida istagan yerda uchratishingiz mumkin.

Ona tabiat g'oyatda saxovatli! Uning saxovatini hamma yerda ko'rish mumkin. Qarang, u insoniyat turmush tarzini xuddi avvaldan bilgan va hisobga olgandek hatto shu toshloq hududda ham zarur unsurni — tandirbop tuproqni yaratib qo'yibdi. Bir qarashda bu narsa jo'ndek tuyulsa-da, lekin kundalik hayotimizni tandirsiz aslo tasavvur etib bo'lmaydi. Va yaxshi bilamizki, tandir deganlari har qanday tuproqdan ham yasalavermaydi. Buning uchun maxsus tuproq kerak. Toshqiyaning bir burchidagi bu tuproq qatlami esa sentabliklar uchun ona tabiatning himmatidir. Shuning uchun ular bu tuproqni avaylab, ehtiyojlariga qarab ishlatib keladi. Tuproq ketmon bilan emas, tesha bilan ehtiyotlab olinadi. Kamar shiftidagi tesha izlari shundan.

Soylikda esa o'zgacha manzaraning guvohi bo'lamiz. Toshqiyalikdagi buta turlari bu yerda uchramaydi. Soy bo'ylab bir necha o'n chaqirimga cho'zilib ketgan bu daraxtzor Sentabsoyning eng so'lim go'shalardan biri sanaladi.

Soyda buloqlar hamda oqar suv serob bo'lgani bois, o'simlik dunyosi nihoyatda boy va rang-barang. Yovvoyi buta hamda mevali daraxtlarning o'nlab turi mavjud. Qisqasi, ona tabiat tog'lar oralig'idagi bu maskandan o'z mehr va muruvvatini ayamagan. Bunga javoban sentabsoyliklar ham tevarak muhitni g'oyatda ardoqlaydi. Ular tabiat yaratib qo'ygan har bir narsani, agar ta`bir joiz bo'lsa, shuni aytish kerakki, soyning oddiy dumaloq toshidan tortib, tog' o'ngiridagi mitti butagacha asrab-avaylashga urinadi. Bir so'z bilan aytganda, tabiiy uyg'unlikni bekamu ko'st saqlashga harakat qiladilar.

Sentabsoyliklar tabiatan o'ta mehnatkash va mirishkor xalq. Ular hatto toshda gul undirishga qodirdir. Ayniqsa, dov-daraxtlar bilan juda yaxshi tillasha biladi. Shu sababdan toklar daraxtlarga tirmashib ketgan.

Biroq shunga qaramay, soy o'zani manzarasida inson qo'lidan ko'ra, yovvoyi tabiat yo'rig'i ustuvorligini sezish qiyin emas. Deylik, daraxtlarga chirmashib ketgan tokzorlar xuddi ayrim tog'larning odam oyog'i yetmas ovloq hududlarida o'z maylida o'sib-unadigan asriy yovvoyi toklar kabi tikkaygan, ne daraxt borki, barini o'ziniki qilib olgan.

Umuman olganda, bu maskanda o'z holicha o'sib-unadigan dov-daraxtlarga zarur paytlardagina oz-moz ishlov berilmasa, qolgan vaqt ular to'laligicha tabiat izmidadir. Soy o'zanidagi bog'lar tizimi katta maydonni ishg'ol etadi. U tog' oralab, kunchiqish hamda kunbotishga qarab, o'nlab chaqirimga cho'zilib ketgan. U Sentabsoy vohasining qon tomiri, uning yuzi va borlig'i sanaladi. Bog' tabiatining betakror tarovati ortiqcha izohga muhtoj emas. Aksincha, go'zallik haqida uning o'zi so'zlaydi. Faqat uni tinglay bilsangiz, bas!

Sentabsoydagi tog' cho'qqilari, ungirlar, soylik — bari tuman og'ushida edi. Aytgancha, tuman Sentabsoyda «mig'» deb ataladi. Izohli lug'atlarda qayd etilishicha, «mig'» qadimiy sug'dcha so'z bo'lib, u tuman degan ma`noni anglatadi. Ob-havo bizning sabr-toqatimizni obdon sinaydiganga o'xshardi. Bu vaqtga kelib ekspeditsiya qadimiy Sentab qo'rg'oni joylashgan eng baland qoyalardan biri tepasiga ko'tarilgan va qoyadan turib, eng birinchi galda, Sentabsoyga umum manzarasini tasvirga muhrlash umidida edi. Biroq tog' boshiga qo'ngan, uning o'ngirlarini to'ldirgan «mig'» ekspeditsiyaning bu ishiga monelik qilardi. Sentabsoyliklarning gapiga qaraganda, bu yerning tumani ba`zida shunaqa o'jar bo'larkan. Tog'u toshlarni bag'riga chirmab, bir necha kunlab ko'rpaday bosib yotarkan. Bu ham yetmaganidek shivalab yomg'ir yog'a boshladi.

 Tog'lar boshidan tuman ariyvermagach, ekspeditsiya ko'hna Sentab qo'rg'oni tomon yuzlandi. Qarshimizda tarixi haligacha to'la o'rganilmagan qadim qo'rg'on xarobalari yastanib yotardi.

 

Normurod NORQOBILOV

(Davomi bor)

51 marta o`qilgan