Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Vatan ichra vatan
Umrboqiy qadriyatlar maskani
22.09.2011 22:31

Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari tamoyilini amalga oshirish jarayonida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari jamiyatimizni modernizatsiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Binobarin, istiqlol yillarida mahalla hayoti bilan bog'liq ko'plab qadriyatlar, udum va an`analarimiz qayta tiklandi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz istiqlolga erishgach, mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan izchil sa`y-harakatlar tufayli bugungi kunga kelib mazkur institut kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim tayanchga aylandi.

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan «Bog'iston» mahallasi misolida buning balandparvoz gaplar emasligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Ayni paytda mazkur maskanda qariyb besh mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aytish joizki, ushbu mahallada akademik Vladimir Polikovskiy, O'zbekiston Xalq artisti Gulsara Yoqubova hamda O'zbekiston Qahramoni Fayzi Ondayev singari ko'plab fidoyi shaxslar istiqomat qiladi. Binobarin, yigirmadan ziyod millat vakillari bahamjihat istiqomat qilayotgan ushbu mahallada aholiga qulay va namunali maishiy xizmat ko'rsatish tizimi yo'lga qo'yilgan.  

- Oila muqaddas, shu sababli uni tarbiya o'chog'i deb ham atashadi, - deydi diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha mahalla maslahatchisi Mavluda Turopova. - Milliy qadriyatlarimiz, urf-odat hamda an`analarimiz, ularning zamirida mujassam bo'lgan mehr-oqibat kabi tushunchalar aynan ushbu maskanda shakllanadi. Shu bois oilalarda sog'lom muhit, sog'lom mafkurani shakllantirish yo'lida va jamiyatda oilaning mustahkamligi, o'zaro hurmat hamda ahilligini ta`minlash bo'yicha ko'plab chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra mahallamizda xotin-qizlarning muammolarini bartaraf etish, ayrim oilalardagi kelishmovchiliklar va ularning farzand tarbiyasiga salbiy ta`siri to'g'risida targ'ibot-tashviqot ishlari reja asosida amalga oshirilmoqda. Uy bekalari orasida ishlash istagini bidirganlar uchun tumanimizdagi bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan hamkorlikda yangi ish o'rinlari yaratilmoqda.

Imtiyoz va imkoniyat

Aytish joizki, ushbu maskanda xotin-qizlarni kasanachilik va tadbirkorlikka keng jalb etish orqali aholi turmush farovonligini oshirishga alohida e`tibor qaratilayapti. Aholi band­ligini ta`minlash maqsadida mazkur hudud yaqinida joylashgan «Alkim Textil» hamda «Turon TYeX» korxonalari bilan hamkorlikda 30 nafardan ziyod yoshlar ish bilan ta`minlandi.

- Davlatimiz tomonidan aholining turmush darajasini yanada yaxshilash borasida ko'plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotganining guvohi bo'lib turibmiz, - deydi Chilonzor tumani «Bog'is­ton» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Muzaffar Jo'rayev. - Prezidentimizning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratgani hamda joriy yilning «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e`lon qilingani ushbu sohaga qaratilayotgan yuksak e`tibor namunasi bo'ldi. Jumladan, tadbirkorlik sub`ektlariga berilgan qator yengillik, soliq imtiyozlari hamda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar bizlarni ham ruhlantirib yubordi. Shu bois mahalla faollari bilan hududimiz aholisini ish bilan ta`minlash hamda yoshlarni muayyan kasb-hunarga o'rgatish maqsadida tikuvchilik sexi ochishni rejalashtirmoqdamiz.

Bundan tashqari, mahalla faollari hamjihatlikda kam ta`minlangan, boquvchisini yo'qotgan oila farzandlari, nogironlar, yolg'iz keksalar va boshqa yordamga muhtoj kishilar holidan tez-tez xabar olib, ularga moddiy-ma`naviy ko'mak berishmoqda. Bayramlar arafasida kam ta`minlangan oilalar, yolg'iz keksalarga alohida g'amxo'rlik ko'rsatilmoqda.

Millat kelajagiga e`tibor

Mahalla faoli, Toshkent Islom universiteti dotsenti Mo'minxon Mamatovning fikricha, farzandlarni bilimli, yuksak e`tiqodli, Vatanga muhabbat, el-yurtiga sadoqat ruhida tarbiyalash va kamol toptirish har bir ota-onaning burchidir. «Buning uchun, birinchi navbatda, ota-onalar qalbida ushbu yuksak tuyg'u jo'sh urib turishi lozim. Chunki farzand uchun avvalo, ota-ona ibrat, namuna hisoblanadi», - deydi u.

Darvoqe, «Bog'iston» mahallasida «Oila - mahalla - maktab» tamoyili asosida ishlash yaxshi yo'lga qo'yilgani yoshlarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat, ertangi kunga ishonch ruhida tarbiyalash hamda yosh avlodning ongu tafakkurini davr talablaridan kelib chiqqan holda shakllantirishga yordam bermoqda.

Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o'tish jarayonida yoshlarni turli yot g'oyalar, salbiy illatlardan asrash, ularning bunday illatlardan saqlanish borasidagi tushuncha va bilimini boyitish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, mahallada milliy urf-odatlar, qadriyatlardan kelib chiqqan holda turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o'tkazilmoqda.

- O'sib kelayotgan yosh avlod ma`naviyatini yanada yuksaltirishda ta`lim-tarbiya masalasiga alohida e`tibor qaratishimiz zarur, - deydi mahalla faoli Manzura Hayitova. - Mahallamiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Shu bois e`tiborimizni maktablarga qaratib, mazkur ta`lim maskanlarida yoshlarga oid ko'plab tadbirlar, jumladan, huquqshunos olimlar, shifokorlar, ota-onalar va o'qituvchilar ishtirokida uchrashuvlar o'tkazilmoqda.

So'ngso'z o'rnida

Mahalla umrboqiy qadriyatlar maskani, fuqarolarimizning maqsad-muddaolarini, orzu-intilishlarini ro'yobga chiqaradigan, ta`bir joiz bo'lsa, o'zligini namoyon qiladigan maskan desak xato qilmagan bo'lamiz. Biz «Bog'iston» mahallasi faoliyati bilan tanishar ekanmiz, ana shunday xulosaga keldik.

Ahmadjon XOLBOBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

 

91 marta o`qilgan